Yangilik13.10.2026, 09:00Muallif: 1-sonli ftiziatriya dispanseri
Davolanishni oxirigacha yakunlash nega muhim
O‘zini yaxshi his qilish — davolanish tugadi degani emas. Kursni erta to‘xtatish kasallikni qaytaradi.
Dorilarga sezgir silni davolash odatda olti oy davom etadi: dastlabki ikki oyda to‘rtta, keyingi to‘rt oyda ikkita dori qabul qilinadi. Dorilarga chidamli silni davolash uzoqroq davom etishi mumkin, ammo bugun uning uchun ham qisqaroq va faqat tabletka shaklidagi dorilardan iborat sxemalar mavjud.
Davolanish boshlangach, bir necha hafta ichida yo‘tal kamayadi, harorat tushadi, ishtaha qaytadi. Ko‘p bemorlar aynan shu paytda dorilarni to‘xtatish xatosiga yo‘l qo‘yadi. Holbuki, qo‘zg‘atuvchilar organizmda hali ham saqlanib qoladi.
Davolanishni erta to‘xtatish yoki dorilarni tartibsiz ichish quyidagilarga olib keladi:
— kasallikning qaytalanishi;
— qo‘zg‘atuvchining dorilarga chidamli bo‘lib qolishi;
— keyingi davolanishning ancha uzoq va og‘ir kechishi.
Dorilarni har kuni bir vaqtda qabul qiling, dozalarni o‘tkazib yubormang va nazorat tahlillarini o‘z vaqtida topshiring. Nojo‘ya ta’sirlar paydo bo‘lsa, dorini o‘zboshimchalik bilan to‘xtatmang — shifokorga ayting: ko‘p hollarda ularni bartaraf etish mumkin.
Izohlar
Fikringizni qoldiring. Izohlar moderator tasdiqlagandan keyin chiqadi.
