Yangilik29.09.2026, 09:00Muallif: 1-sonli ftiziatriya dispanseri
Silning oldini olish: har kuni amal qilinadigan oddiy qoidalar
Xonani shamollatish, yo‘talganda og‘izni yopish va yaqinlarni o‘z vaqtida tekshirish kasallik tarqalishini to‘xtatadi.
Sil havo orqali yuqadi: o‘pka sili bilan og‘rigan bemor yo‘talganda, aksirganda yoki gapirganda qo‘zg‘atuvchi havoga tarqaladi. Yaxshi shamollatilmaydigan yopiq xonada yuqish xavfi ayniqsa yuqori.
Kasallik tarqalishining oldini olish uchun:
— xonalarni kuniga bir necha marta shamollating, quyosh nuri tushishiga imkon bering;
— yo‘talganda va aksirganda og‘iz va burunni ro‘molcha yoki tirsak bilan yoping;
— bemor davolanishning dastlabki bosqichida tibbiy niqob taqib yursin va iloji bo‘lsa alohida xonada yashasin;
— oilada sil aniqlansa, barcha yaqinlar, shu jumladan bolalar, tekshiruvdan o‘tsin;
— chekishni tashlang, to‘g‘ri ovqatlaning, qandli diabet va boshqa surunkali kasalliklarni nazoratda tuting.
Bemor to‘g‘ri davolanishni boshlaganidan keyin uning yuqumliligi tez pasayadi. Shuning uchun oila a’zolarini himoya qilishning eng ishonchli yo‘li — bemorning o‘z vaqtida va to‘liq davolanishi.
Infeksiya yuqqan, ammo kasal bo‘lmagan kishilarga shifokor profilaktik davolashni tavsiya qilishi mumkin. U kasallik rivojlanish xavfini sezilarli kamaytiradi.
Izohlar
Fikringizni qoldiring. Izohlar moderator tasdiqlagandan keyin chiqadi.
